Shoira Halima Hudoyberdieva 1947 yil 17 mayda Boyovutdagi «Taraqqiyot» jamoa xoʻjaligida tugʻilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Mehnat faoliyatini «Saodat» jurnalida boʻlim boshligʻiligidan boshlagan (1972). Talabalik yillarida «Ilk muhabbat» (1968) sheʼriy toʻplami chop etildi. Shoiraning «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974) toʻplamlari izma-iz bosildi. Halima birdan oʻziga xos shoira sifatida tanildi. 1975—1977 yillarda Moskvadagi Adabiyot institutining Oliy Adabiyot kursida oʻqidi. Shu yillarda shoiraning «Beliye yabloki» (Sovetskiy pisatel, 1977), «Suyanch togʻlarim» (1976), «Bobo quyosh» (1977) toʻplamlari bosildi.

H. Hudoyberdieva «Yosh gvardiya» nashriyotida boʻlim boshligʻi (1978—1982), «Saodat» jurnalida muharrir oʻrinbosari, 1984—1994 yillarda «Saodat»ning bosh muharriri, 1991—1994 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi xotin-qizlar qoʻmitasi raisi boʻldi. Shoira sheʼrlarida oddiy dehqonlar, ona-yurt harorat bilan kuylandi. Mustaqillik yillarida Halima Hudoyberdieva xalq tarixi, mashhur ajdodlar haqida yozdi. «Muqaddas ayol» (1987), «Bu kunlarga yetganlar bor» (1993), «Toʻmarisning aytgani» (1996), «Saylanma» (2000) shoiraning muhim asarlaridir.

H. Hudoyberdieva «Oʻzbekiston xalq shoiri» (1992), Hamza nomidagi «Hurmat belgisi» ordeni sohibasi.